O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev Hindiston Tashqi ishlar vazirligida ishonch yorliqlarining nusxasini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Unga ko‘ra, Tashqi siyosat mahkamasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Hindiston yaqin hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. So‘nggi yillarda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib, barcha sohalarni qamrab olayotgani, bunga davlat yetakchilari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stlik munosabatlari mustahkam asos bo‘layotgani taʼkidlandi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari haqida taqdim etilgan maʼlumot katta qiziqish bilan kutib olindi. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Protokol xizmati boshlig‘i Anshuman Gaur Hindiston hukumati tomonidan O‘zbekiston bilan hamkorlikni faol rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab, kelgusida ikki davlat sheriklik munosabatlari yanada yuqori darajaga ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonning Hindistondagi yangi tayinlangan elchisiga o‘zaro munosabatlarni izchil rivojlantirish yo‘lidagi masʼuliyatli faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilangan.