Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov 19-yanvar kuni mamlakatning eng yirik “Galkinish” gaz konini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” xabar berdi.
“Turkmangaz” davlat konserni rahbari Botir Amanov davlat rahbariga kondagi ishlarning holati, yangi quduqlarni o‘zlashtirish rejalari haqida ma’lumot berdi. Amanov mahalliy iste’molchilarni gaz bilan to‘liq ta’minlash va uning eksportini ko‘paytirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotganini aytdi.12-yanvardan Turkmaniston “Galkinish” konidagi texnik nosozliklar tufayli O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni to‘xtatgan. Anomal sovuq konda gidrat hosil bo‘lishiga olib kelgan. Shu sabablarga ko‘ra Turkmaniston–O‘zbekiston–Qozog‘iston–Xitoy gaz quvuri orqali Xitoyga gaz eksporti sezilarli darajada kamaygan.
13-yanvar kuni Serdar Berdimuhamedov neft va gaz sanoatiga mas’ul vazir o‘rinbosari Shohim Abdrahmonov va “Turkmangaz” rahbari Botir Amanovga so‘nggi ogohlantirish bilan qattiq tanbeh bergan. Prezident noroziligining aniq sabablari aytilmagan, biroq Abdurahmonov va Amanov kondagi texnik nosozliklar uchun jarimaga tortilgan, bunga gaz eksportining to‘xtab qolgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Mavzuga doir: O‘zbekistonga Turkmanistondan gaz yetkazib berishdagi muammolar Xitoyga jiddiy ta’sir qilishi mumkin
Izoh (0)