Muallif asarlaridan ruxsatsiz foydalangan, mualliflik huquqlarini buzgan bir qator shaxslar javobgarlikka tortildi. Bu haqda Intellektual mulk agentligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning merosxo‘ri F.Hoshimov muallifning asarlariga bo‘lgan mulkiy huquqlarini himoya qilish maqsadida adliya organlariga murojaat qilgan.
Natijada adliya organlari tomonidan O‘.Hoshimov asarlaridan merosxo‘rning ruxsatisiz hamda tegishli tartibda shartnoma tuzmasdan foydalangan “Z.K.” nomli nashriyotning mansabdor shaxsiga nisbatan Mamuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-1-moddasi (mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan va tegishli sud tomonidan jarima jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, qonunchilikda muallif asaridan ruxsatsiz foydalanish natijasida yetkazilgan zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha tovon to‘lanishi belgilangan.
Shunga muvofiq, da’vogar F.Hoshimov Toshkent shahar Shayxontohur tumanlararo sudiga mualliflik huquqlari buzilgani uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo arizasini kiritgan. Natijada sud da’vogar F.Hoshimov foydasiga “Z.K.” nomli nashriyotning mansabdor shaxsiga nisbatan 12 million 500 ming so‘m miqdorda tovon puli to‘lash lozimligi haqida qaror qabul qilgan.
Yuqoridagi holatga o‘xshash mualliflik huquqlarining buzilishi oqibatida sud tomonidan da’vogar hisobiga tovon puli to‘lash lozimligi haqida bir necha qarorlar chiqarilgan. Xususan, farg‘onalik shoirning mualliflik huquqlarini buzgan xonanda Mirodil Hakimov tomonidan ham 50 million so‘m miqdorida ma’naviy zarar hamda bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobar miqdorida (90 million so‘m) tovon puli undirish belgilangan.
Xuddi shu kabi holat mualliflarning huquqlarini himoya qiluvchi jamoat birlashmasi murojaatiga asosan xonandalar Jahongir Ahmadaliyev va Hamdam Sobirovlarning qo‘shiqlari ularning ruxsatisiz, hech qanday shartnoma tuzmagan holda foydalanilgani tufayli sud tomonidan huquqbuzarga nisbatan 60 million so‘m miqdorida tovon puli undirish haqida qaror chiqarilgan.
Izoh (0)