Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekistonda qaysi yonilg‘i turidan ko‘proq foydalanilayotganini ma’lum qildi.
2022-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra (texnik ko‘rik natijalari bo‘yicha), O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli avtotransport vositalari orasida metan (siqilgan gaz) yonilg‘isi eng ommabop hisoblanadi.
Jismoniy shaxslarga tegishli umumiy avtomobillar sonida metan gazida harakatlanadiganlari ulushi eng yuqori, ya’ni 65 foizni tashkil etadi.
Keyingi o‘rinlarni ketma-ketligi bo‘yicha benzin (24,4 foiz), propan (suyultirilgan gaz, 8,4 foiz) hamda dizel (2,2 foiz) yonilg‘ilari band etgan.
Avvalroq O‘zbekistondagi xususiy AYQSHlarda qariyb 400 ming litr neft mahsulotlari noqonuniy foydalanilgani haqida xabar berilgan edi.
Jumladan, AYQSHlar sig‘imlarida saqlanayotgan 2 million 408 ming litr neft mahsulotlaridan namunalar olinib, laboratoriya sharoitida tahlil etilganida 230 ming litr (10 foiz) mahsulot sifatsiz ekanligi aniqlangan.
Bundan tashqari, 150 ming litr kamomad va 13 ming litr ortiqchalikka yo‘l qo‘yilganligi, 43 ta holatda iste’molchilar haqidan har 10 litrda 10 millilitrdan 740 millilitrgacha urib qolinayotganligi kuzatilgan.