Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning otasi Malikguli Berdimuhamedov miyaga qon quyilishi oqibatida vafot etgan. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” gazetasi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda prezidentning otasi og‘ir kasal bo‘lgan va Ahal viloyati, Giyohtepa etrapidagi Aba Annayev qishlog‘ida qizlaridan birining uyida yashagan. Qishloq hozirgi turkman elitasi yashaydigan zamonaviy turar-joy majmuasi bo‘lib, prezidentning ot boqish fermasidan uncha uzoq bo‘lmagan hududda joylashgan.
Gazetaning ma’lum qilishicha, 18-aprel kuni ertalab soat 10:00 da Malikguli Berdimuhamedov hushidan ketgan. Posyolkada joylashgan maxsus klinikaning shifokorlari, poytaxtdagi tibbiyot muassasalari professorlari, shu jumladan, tibbiyot universiteti o‘qituvchilari va tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, Germaniyadan kelgan mutaxassis ham bemorning yurak urishini bir necha soat saqlab tura olgan. Barcha zarur reanimatsiya choralari qo‘llanilganiga qaramay, miya faoliyati tiklanmagan. Soat 14:30 da shifokorlar bemorning o‘limi haqida ma’lum qilgan.
Ta’kidlanishicha, Malikguli Berdimuhamedovning o‘limi to‘g‘risida barcha tashkiliy ishlar, shu jumladan, xavfsizlik bilan bog‘liq masalalar hal qilinmaguncha xabar berilmagan. Gap chegaralarni yopish, politsiya va harbiylarni safarbar etish haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. Xabarga ko‘ra, shu kuni Turkmanobodda mahalliy politsiya kuchaytirilgan xavfsizlik rejimiga o‘tkazilgan.
Dafn marosimi ertasi kuni Ahal viloyati, Giyohtepa etrapi, Izgant qishlog‘idagi ajdodlar qabristonida bo‘lib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning otasi Malikguli Berdimuhamedov 89 yoshida vafot etdi.
Malikguli Berdimuhamedov mamlakat Ichki ishlar vazirligi organlarida ishlab, Toshhovuz, Mari, Ashxobod shaharlarida turli lavozimlarni egallagan. 1982-yilda podpolkovnik unvoni bilan iste’foga chiqqach, ko‘p yillar davomida ta’lim sohasida ishlagan.
2012-yil fevralida Turkmaniston Majlisi (parlamenti) qarori bilan poytaxtdagi 1001-sonli harbiy qismga Malikguli Berdimuhamedov nomi berilgan edi.
2017-yilda Malikguli Berdimuhamedov nomidagi medal ta’sis etilgan va shu yili davlat rahbari o‘z otasiga va uning IIVdagi faoliyatiga bag‘ishlangan “Mardlar Vatanni ulug‘laydi” kitobini taqdim etgan edi.
Izoh (0)