Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov dekabr oyidan buyon efirdan olingan “Zakovat” teledasturi davom etishini ma’lum qildi.
“‘Zakovat’ yopilmaydi. Aksincha, gullaydi. Biz Saida Mirziyoyeva bilan ushbu loyihani o‘z otalig‘imizga oldik. Bu yil, inshaalloh, ushbu medialoyiha orqali respublikamizdagi yangidan yangi bilimdon yoshlarni kashf qilamiz”, — deb yozgan u Telegram’dagi sahifasida.
“Zakovat” intellektual teleo‘yini o‘zining 20 yillik tarixida uchta telekanalda faoliyat yuritgan. Dastlab “Yoshlar”da ochilgan teledastur keyinchalik “O‘zbekiston” telekanaliga, oxiri nodavlat kanallar orasida reytingi yuqorilab borayotgan “Milliy”ga o‘tgan.
Teledastur efirga uzatilishi to‘xtagani va suratga olingan 2 ta ko‘rsatuv namoyish etilmagani haqida bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ma’lum qilgan. U “Zakovat” ko‘rsatuvining to‘xtatilishiga u efirga ketadigan xususiy kanal ko‘rsatuvni reyting ololmayapti degan vaj sabab bo‘lganini bildirgan.
“Kun.uz”ning yozishicha, dastur muallifi Abdurasul Abdullayev bu gaplar qisman to‘g‘ri, lekin shu bilan birga, buning obyektiv sabablari ham borligini aytib o‘tgan.
“O‘zi MTRKdan ‘Milliy’ telekanaliga o‘tishimiz bo‘yicha muzokaralar 3 oycha davom etgan, bizga juda katta va’dalar berilgandi. Men nodavlat telekanalida ijod erkinligi kengroqligi, yaxshiroq takliflar bildirishgani uchun qabul qilgandim. Ammo bizni taklif qilganlar, kelishganlarning deyarli barchasi ishdan bo‘shab ketishdi. Bizga ajratilgan texnik imkoniyatlar qisqartirila boshlandi, “Zakovat”ning efirga uzatilish vaqti juda kechiktirib yuborildi, hatto soat 23:00 ga qo‘yilgan vaqtlar ham bo‘ldi. Namoyish oyiga ikki martaga tushirildi va qayta efirlar butunlay to‘xtatildi. Bu endi telekanalga bog‘liq jihatlari”, — degan dastur muallifi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Milliy” telekanali muassisi Komil Allamjonov “Zakovat” efirdan olinganligidan bexabar bo‘lgan, bu haqda ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topgan. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi homiyligi ostida “Zakovat”ni qayta tiklash, yanada boyitish, sovrin uchun hatto avtomobil qo‘yish taklifini aytgan. “Biz bundan xursand bo‘ldik”, — degan Abdurasul Abdullayev.
Izoh (0)