O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “2025-yilda O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasidagi IV yozgi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar qildi.
Qarorda ma’lum qilinishicha, Osiyo Olimpiya kengashining 2019-yil 28-sentabr kuni Qatarning Doxa shahrida bo‘lib o‘tgan 73-ijroqo‘mi yig‘ilishida Toshkent shahri 2025-yilgi yoshlar o‘rtasida IV yozgi Osiyo o‘yinlari mezboniga aylanishi belgilangan.
Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi huzurida “Toshkent—2025” yozgi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish direksiyasi tashkil etiladi. Osiyo o‘yinlarini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xalqaro va respublika miqyosidagi tadbirlar hamda uning doirasida ko‘rgazmalar, konferensiyalar, ilmiy-amaliy anjumanlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish direksiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Ma’lumot uchun, yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari musobaqasi 2009-yildan buyon o‘tkazib kelinadi. 2009-yildagi ilk musobaqaga Singapur mezbonlik qilgan. 2013-yilda esa Xitoyning Nankin shahri musobaqani o‘zida qabul qilgan. 2017-yilgi musobaqani Shri-Lankaning Xambantota shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan, biroq yakunda Osiyo o‘yinlari o‘tkazilmay qolgandi. 2021-yilgi o‘yinlarga Xitoyning Shantou shahri mezbonlik qiladi.
Avvalroq O‘zbekiston 2030-yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligiga o‘z nomzodini qo‘yishi ma’lum qilingan, biroq may oyida O‘zbekiston musobaqa mezbonligi uchun ariza topshirmagani ma’lum bo‘lgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)