Kecha, 15-aprel kuni Toshkentdagi “O‘zbekiston” sport saroyida dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionati start oldi. Musobaqaning birinchi kunida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan dzyudochilardan Diyorbek O‘rozboyev hamda Mirali Sharipov mos ravishda kumush va bronza medallariga sazovor bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Eng yengil hisoblangan -60 kilogramm vazn toifasida Diyorbek O‘rozboyev finalga qadar kechgan bellashuvlarda Eron, Xitoy Taypeyi va Qozog‘iston terma jamoasi a’zolarini mag‘lub etib, kumush medal sovrindori bo‘ldi. Hal qiluvchi bahsda ham Diyorbek qozog‘istonlik raqibi Yeldos Smetovdan so‘nggi soniyalarga qadar ustunlik qilayotgan edi, biroq bellashuvning so‘nggi soniyalarida o‘zbekistonlik dzyudochiga biroz omad yetishmadi.
O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga bronza medalini Mirali Sharipov keltirdi. Og‘irlik vazni -73 kilogramm bo‘lgan polvonlar bahsida ishtirok etgan o‘zbekistonlik dzyudochi saralash bosqichida dastlab qirg‘izistonlik Tariel Usenovni yengib, ikkinchi davrada yaponiyalik Soichi Xashimotoga yutqazib qo‘ydi. O‘tish bosqichida kurashni davom ettirgan Sharipov dastlab tojikistonlik Shuhratjon Farxizodani, uchinchi o‘rin uchun kechgan bellashuvda esa qozog‘istonlik Dastan Yakubayevni muddatdan avval mag‘lubiyatga uchratdi va bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, mazkur Osiyo chempionatida Rio–2016 Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun reyting ochkolari ham o‘ynalmoqda. Xususan, birinchi o‘rin sohiblari 400, kumush medal sovrindorlari 260, uchinchi o‘rin egalari esa 160 reyting ochkosiga ega bo‘ladi.
Izoh (0)