Portugaliyalik murabbiy Joze Mourinyo Suriya futbol federatsiyasining mamlakat terma jamoasini boshqarish taklifini rad etdi, deb xabar beradi “TASS”.
O‘tgan hafta Suriya futbol federatsiyasi “Chelsi”ning sobiq ustozi Joze Mourinyoga Suriya terma jamoasini boshqarishni taklif qilgan edi.
“Bunday taklifni qabul qilish men uchun sharaf, ammo hozir uni qabul qila olmayman”, – deb elektron xat orqali Suriya futbol federatsiyasining taklifiga javob qaytardi Mourinyo.
2015-yilning 6-yanvaridan Suriya terma jamoasini boshqarib kelgan bosh murabbiy Fajr Ibrohim joriy yilning 29-mart kuni iste’fo bergandi.
2015-yilning dekabr oyida “Chelsi” bosh murabbiyligidan ozod etilgan Joze Mourinyo, bir yarim oy davom etgan muzokaralardan so‘ng “Manchester Yunayted” bilan dastlabki kelishuvga erishgani va u uch yilda 61,7 million yevro maosh olishi haqida xabar berilgan edi.
Joze Mourinyo ikki marotaba “Chelsi” bosh murabbiyi lavozimini egallagan. Birinchi marta 53 yoshli mutaxassis 2004–2007-yillar davomida London klubini boshqargan. Ushbu vaqt davomida “Chelsi” ikki karra Angliya chempioni (2004/05, 2005/06), Angliya Kubogi (2007), ikki karra Angliya Liga Kubogi (2005, 2007) va Angliya Superkubogi (2005) sohibi bo‘ldi. Shundan so‘ng Mourinyo “Inter” (2008–2010-yillar) va “Real” (2010–2013-yillar) klublarini boshqargan.
2013/14-yilgi mavsum boshlanishidan avval portugaliyalik yana “Chelsi”ga qaytdi. Uning qo‘li ostida londonliklar Angliya chempioni (2014/15) va Angliya Liga Kubogi g‘olibi bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Suriya terma jamoasi Osiyo qit’asidan JCh–2018 musobaqasiga saralash bahslarining uchinchi bosqichiga yo‘l oldi.
Izoh (0)