Madridning “Real” jamoasi bosh murabbiyi Zinedin Zidan Germaniyaning “Volfsburg” klubiga qarshi (0:2) Yevropa Chempionlar Ligasi chorak final dastlabki o‘yinidan so‘ng uchrashuv haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar beradi “Chempionat”.
“Men bunday o‘yindan mamnun emasman. Hech kim, hatto men ham, ‘Real’ 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lishini kutmagan edim. Mazkur o‘yin biz uchun, ayniqsa, jismoniy tomondan qiyin kechishini bilar edik. ‘Barselona’ga qarshi kechgan o‘yin o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Biroq uchrashuvni YeChLning ushbu bosqichida namoyish qilinishi kerak bo‘lgan sur’atda boshlamadik. Bizga harakat va temp yetishmadi. Gol kiritish uchun imkoniyatlar bo‘ldi, lekin hozir qayd etilgan natijani qabul qilishimiz kerak. O‘yinning barcha 90 daqiqasini tahlil qilib chiqishimiz lozim”, – deydi Zinedin Zidan.
“Hali imkoniyatimiz bor. Biz – ‘Real Madrid’ jamoasimiz va javob o‘yinida muxlislarning daldasi ostida barchasini o‘zgartirishimiz mumkin. Oldinda 90 daqiqa yoki biroz ko‘proq vaqt bor. Hozir biz birdam bo‘lib, ishlashda davom etishimiz kerak”, – deya qo‘shimcha qildi fransiyalik mutaxassis.
Ma’lumot o‘rnida, “Real” va “Volfsburg” o‘rtasidagi javob o‘yini 12-aprel, seshanba kuni Madrid shahrida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)