O‘zbekistonlik tennischi Sabina Sharipova Yaponiyaning Kashiva shahrida davom etayotgan ITF turkumidagi, sovrin jamg‘armasi 25 ming dollarni tashkil etuvchi Kashiwa Open tennis turnirining chorak finaliga chiqdi.
Xalqaro tennis federatsiyasining ma’lum qilishicha, 21 yoshli o‘zbekistonlik tennischi ikkinchi davrada yaponiyalik Ayaka Okunoga qarshi kortga chiqdi. Mazkur bellashuvda O‘zbekiston vakili qiyinchiliksiz 6:0, 6:2 hisobida zafar quchdi.
Taqqoslash uchun, Sabina Sharipova WTA reytingida 212, yaponiyalik tennischi esa 276-o‘rinni egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, dastlabki davrada o‘zbekistonlik tennischi Xitoy vakili Lin Chjuni 4:6, 6:4, 6:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Shuningdek, musobaqaning juftliklar bahsida Xitoy Taypeyi vakili Pei-Chi Li bilan tandem hosil qilgan Sabina Sharipova dastlabki davrada yaponiyalik Momoko Kobori va Chixiro Muramatsu juftligini 6:3, 7:6 hisobida taslim qilgandi. Chorak finalda esa yaponiyalik Akiko Omae va Yuuki Tanaka duetiga qarshi bahs olib borgan Sharipova/Li juftligi 4:6, 1:6 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Izoh (0)