Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonning 865 million dollarlik qarzidan kechishni nazarda tutuvchi o‘zaro moliyaviy talablar va majburiyatlarni tartibga solish haqida O‘zbekiston bilan tuzilgan bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Kreml rasmiy saytida xabar beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiya Kengashi 2016-yil 30-martda “Rossiya Federatsiyasi Hukumati va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida o‘zaro moliyaviy talablar va majburiyatlarni tartibga solish haqidagi Bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qullagan edi.
Bitimga muvofiq, tomonlar sobiq ittifoq operatsiyalari, jumladan, sobiq ittifoq Olmos fondi taqsimlanishi va sobiq ittifoq Tashqi iqtisodiy bankidagi hisoblarda bo‘lgan valyuta mablag‘larini qaytarish masalalari, shuningdek, O‘zbekistonga 1992—1993-yillarda taqdim etilgan kreditlar bo‘yicha yuzaga kelgan da’volarning barchasidan voz kechadi.
O‘zbekiston va Rossiya moliyaviy talab va majburiyatlarni tartibga solishga oid hukumatlararo bitimni 2014-yil dekabrida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi doirasida imzolagan edi.
Hujjatga ko‘ra, Rossiya 2014-yil 1-noyabr holatiga O‘zbekistonning muddati o‘tgan 889,3 million AQSh dollari (jumladan, foizlar bo‘yicha 388,7 million dollar) miqdoridagi qarzidan kechadi.
Izoh (0)