Rossiya chempionati 22-turida Moskvaning “Dinamo” klubi o‘z maydonida “Krasnodar” futbolchilarini qabul qildi. “Arena Ximki” stadionida o‘tkazilgan o‘yinda 1:4 hisobi qayd etilib, “Krasnodar”ning yirik g‘alabasi bilan yakunlandi. Bu haqda “Krasnodar” futbol klubi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuvning 27-daqiqasida “Dinamo” a’zosi Aleksey Ionov penaltidan unumli foydalanib, hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. 4 daqiqa o‘tar-o‘tmas “Dinamo” darvozasiga ham 11 metrlik jarima zarbasi belgilandi. Pavel Mamayev mo‘ljalda adashmadi va hisobni tenglashtirdi. Shu tariqa, birinchi bo‘lim 1:1 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limda gollarni faqat “Krasnodar” futbolchilari kiritdi. 47-daqiqada Vyacheslav Podberyozkin hisobni 1:2 ko‘rinishiga olib kelgan bo‘lsa, 69-daqiqada O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedovning uzatmasidan so‘ng Fyodor Smolov hisobni yana oshirdi — 1:3. 82-daqiqada Odil Ahmedovning o‘zi gol kiritib, jamoasining 4:1 hisobidagi yirik g‘alabasiga o‘z hissasini qo‘shdi. Uchrashuvda Ahmedov 90 daqiqa davomida harakat qildi.
Mazkur g‘alabadan so‘ng “Krasnodar” ochkolari sonini 37 taga yetkazib, 6-o‘ringa ko‘tarildi. 24 ochko bilan qolib ketgan “Dinamo” 11-pog‘onadan joy oldi.
Rossiya Premyer-ligasi, 22-tur
4-aprel. “Arena Ximki” stadioni, 3 863 tomoshabin
“Dinamo” Moskva – “Krasnodar” – 1:4 (1:1)
Gollar: 1:0 – 27, penalti Ionov, 1:1 – 31, penalti Mamayev, 1:2 – 47 Podberyozkin, 1:3 – 69 Smolov, 1:4 – 82 Ahmedov.
Izoh (0)