“Kalashnikov” qurol konserni konstruktor Mixail Kalashnikovning qarindoshlariga tegishli “M.T. Kalashnikov” kompaniyasidan AK-47 brendiga huquq bo‘yicha sudda yutib chiqdi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
Konsern da’vosini ko‘rib chiqqan intellektual huquq bo‘yicha sud “M.T. Kalashnikov” kompaniyasi ro‘yxatdan o‘tkazgan AK-47 avtomati ko‘rinishidagi tovar belgisini huquqiy himoya qilishni muddatidan avval to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bahsga sabab bo‘lgan brend “M.T. Kalashnikov” kompaniyasi tomonidan 2004-yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, 2012-yili yana 10 yilga uzaytirilgan. Tovar belgisi kiyim-kechak, bosh kiyimlari, o‘yinchoqlar va o‘yin avtomatlari uchun qayd etilgan. 2014-yili “Kalashnikov” konserni belgiga bo‘lgan huquqni bekor qilishni talab qildi va buni brend huquq egasi tomonidan foydalanilmayotgani hamda konsern tomonidan qurol, jumladan, AK-47 maketlari tayyorlanishi bilan izohladi.