Xitoyning Sian An shahrida boks bo‘yicha Rio–2016 Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmalari uchun Osiyo va Okeaniya mintaqalarining qo‘shma litsenzion turnirining yarim final bellashuvlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, -52 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tarilgan o‘zbekistonlik Shahobiddin Zoirov yarim finalda qirg‘izistonlik Azat Usenaliyevga qarshi jang o‘tkazib, 3:0 hisobida zafar quchdi. Mazkur muvaffaqiyatdan so‘ng u musobaqa finali va Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, -69 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tarilgan O‘zbekiston vakili Shahram G‘iyosov yarim finalda filippinlik Santos Marsialni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, musobaqa finali hamda Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma oldi.
Avvalroq Hasanboy Do‘smatov (-49 kilogramm) va Yodgoroy Mirzayeva (-51 kilogramm) Rio–2016 Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma olganligi haqida xabar berilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, bugun 31-mart kuni yana uch nafar o‘zbekistonlik bokschi Rio–2016 Olimpiada o‘yinlarining yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi.
Izoh (0)