Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov “Paxtakor” futbolchisi Javohir Sohibovga qaraganda, Aziz Haydarov bilan o‘ynaganda o‘zini erkinroq his qiladi. Bu haqda futbolchi “Championat.asia” saytiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Sohibov yaxshi futbolchi, ammo hali yosh. U ba’zi vaziyatlarda oldinga o‘tib ketishi mumkin. Haydarov esa tajribali futbolchi, u bilan bir necha yillardan buyon o‘ynab kelamiz. Aziz maydonga tushganida, o‘zimni erkin his qilaman. U meni, men esa uni yaxshi tushunamiz”, — deydi Odil Ahmedov.
Aziz Haydarov 24-mart kuni bo‘lib o‘tgan Filippinga qarshi bellashuvni diskvalifikatsiya sababli qo‘yib yuborgandi. Bugun, 29-mart kungi Bahraynga qarshi o‘yinda u boshlang‘ich tarkibga kiritilishi mumkin. Ma’lumot uchun, 28-mart kuni o‘yinoldi matbuot anjumanida ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan Islom To‘xtaxo‘jayevning maydonga tushishi so‘roq ostida ekanligini ma’lum qilgandi.
Odil Ahmedov Bahraynga qarshi o‘yinda ogohlantirish olsa, uchinchi bosqichning birinchi o‘yinini qo‘yib yuborishi mumkinligi haqida ham fikr bildirdi: “Sariq kartochka olmaslikka harakat qilaman. Biroq sariq olmayman, deb maydonga tushsangiz, yakunda buning aksi bo‘lib chiqishi ham mumkin. Futboldan hamma narsa kutsa bo‘ladi”.O‘zbekiston — Bahrayn o‘yini 29-mart kuni soat 18:00 da boshlanadi.
Izoh (0)