Misrda A-320 samolyotini garovga olgani aytilayotgan professor Ibrohim Samahaning rafiqasi Misrning “ON-TV” telekanali efirida ushbu axborotni inkor qildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Ilgariroq xabar berilganidek, Iskandariya va Atlanta universitetlari professori Ibrohim Abdul Tavob Samaha Misrning Egypt Air aviakompaniyasiga tegishli, Burj al-Arab–Qohira reysini amalga oshirayotgan A-320 samolyotini garovga olgan hamda, bortda bomba borligi bilan ekipajga tahdid solib, Turkiyaga uchishni talab qilgan. Ammo yoqilg‘i kam bo‘lgani bois samolyot Kiprning Larnaka shahri aeroportiga kelib qo‘ngan.
Bir muddatdan so‘ng barcha yo‘lovchilar ozod qilingan. Ibrohim Samaha esa Kiprda istiqomat qiluvchi sobiq rafiqasi Mariya Parasxu bilan uchrashuv so‘ragan.
Lekin Samahaning rafiqasi telekanal efirida bu ma’lumotlarni rad etdi. Uning ta’kidlashicha, Samaha hech qachon Kiprda bo‘lmagan va u yerlik ayolga uylanmagan.
Shuningdek, ayol OAVda tarqatilgan fotosuratlar eriga tegishli emasligini, Samaha ozodlikka chiqarilgan yo‘lovchilar bilan birgalikda samolyot bortini tark etganini aytib o‘tdi.
Izoh (0)