Toshkentning “Bodomzor” mahallasida 22-mart, seshanba kuni yirik yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)” guruhida xabar qoldirilgan.
Guruh foydalanuvchilari tomonidan qoldirilgan xabarlarga ko‘ra, mahalla ichida katta tezlikda harakatlangan Chevrolet Captiva haydovchisi, boshqaruvni yo‘qotib, piyodalar yo‘lkasiga o‘tib ketib, jiddiy zararlangan. Fotosuratlarda Captiva haydovchisining harakatlari sabab mahalla ichida harakatlanayotgan Chevrolet Spark va Chevrolet Cobalt avtomobillariga ham zarar yetganini ko‘rish mumkin.
23-mart, chorshanba kuni Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhida mazkur hodisa bilan bog‘liq yangi fotosuratlar va tafsilotlar e’lon qilindi. Shu mahallada istiqomat qiluvchi foydalanuvchi tomonidan joylashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa natijasida uch bolaning onasi bo‘lgan ayol jiddiy jabrlangan, hozirda reanimatsiya bo‘limida yotibdi. Boshqa jabrlanuvchilar haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.
Xabarga ilova qilingan fotosuratlarda Toshkentdagi kollejlardan birida o‘quvchi qizning o‘quvchilik guvohnomasi ham ko‘rsatilgan bo‘lib, xabar muallifining ta’kidlashicha, Captiva rulida aynan shu qiz bo‘lgan. Biroq Facebook foydalanuvchilari guvohnomaning va undagi qiz suratining haqiqiyligini shubha ostiga olgan (guvohnomadagi kollej muhri surat ustida emas, ostida qolgan, shuningdek, guvohnoma raqami o‘rni bo‘sh qoldirilgan).
Izoh (0)