Namangan shahridagi “Do‘stlik” tennis kortlarida o‘smirlar o‘rtasidagi Namangan ITF Juniors turnirining asosiy to‘r bahslari boshlandi, deb xabar beradi “Olamsport”.
Ushbu musobaqada o‘zbekistonlik tennischilaridan tashqari Buyuk Britaniya, Fransiya, Belarus, Rossiya, Hindiston kabi o‘nga yaqin davlatlardan iste’dodli tennischilar ishtirok etyapti.
Namangan turnirida ikkinchi raqam ostida tasniflangan o‘zbekistonlik Sharobiddin Abzalov ilk davrada britaniyalik Luis Nyumanga qarshi kortga chiqdi va 6:0, 6:0 hisobida g‘alaba qozondi. Turnirda birinchi raketka sifatida qayd etilgan latviyalik Rudolf Mednis qozog‘istonlik Beybit Jukayevdan ikki setda ham bir xil – 6:1, 6:1 hisobida ustun keldi.
O‘zbekistonlik tennischilardan Azamat Luqmonov britaniyalik Jeyms Devisga 0:6, 2:6, Sergey Fomin esa hindistonlik Adil Kalyanpurga 6:7, 6:7 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Bugun o‘zbekistonlik tennischilardan Amal Sultanbekov, Azizxon Turg‘unov va Danis Baybekov kortga chiqadi.
Izoh (0)