Belgiya politsiyasi xodimlari 22-mart, seshanba kuni Bryusselda amalga oshirilgan bir qator teraktlarga aloqador ikki gumondorni hibsga oldi. Bu haqda Daily Mail nashri ma’lumotiga tayanib, “Interfaks” xabar beradi.
Gumonlanuvchilarni hibsga olish portlash sodir bo‘lgan “Malbek” metro stansiyasidan 1,5 kilometr uzoqlikda amalga oshirilgan.
Nashrning ma’lum qilishicha, xavfsizlik xizmati allaqachon Bryussel aeroporti kuzatuv kameralaridagi lavhalarni qo‘lga kiritgan. Undagi lavhalarda, jumladan, xudkush kamarini portlatayotgan terrorchi aks etgan.
Eslatib o‘tamiz, 22-mart, seshanba kuni Bryussel aeroporti va metrosida kamida uchta portlash yuz berdi. Portlashlar oqibatida, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 20—30 kishi halok bo‘lgan (rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinganicha yo‘q). Teraktlar uchun javobgarlikni IShID terrorchilik tashkiloti o‘z zimmasiga oldi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)