Professional boksning superog‘ir vazn toifasida Jahon boks assotsiatsiyasi (WBA)ning muntazam chempioni Lukas Braun, uning qon namunasida taqiqlangan klenbuterol moddasi aniqlanganligi haqidagi xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi. Bu haqda “Sovsport.ru” xabar bermoqda.
“Bugun tarqalgan xabarlarni tushunmadim, lekin nazarimda endi huquqshunos izlashim kerak”, – deb yozadi Braun o‘zining Twitter’dagi sahifasida.
Avstraliyalik bokschi o‘zbekistonlik Ruslan Chagayevga qarshi o‘tkazgan jangidan so‘ng doping uchun tahlil topshirgandi va uning qon namunasida taqiqlangan klenbuterol moddasi borligi aniqlangan. Lukas Braunda “B” namunasi natijalarini talab qilish huquqi mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Ruslan Chagayev va Lukas Braun o‘rtasidagi chempionlik jangi 6-martga o‘tar kechasi, Grozniy shahrida o‘tkazilgandi. Unda o‘zbekistonlik bokschi raqibiga 10-raundda texnik nokaut bilan mag‘lub bo‘lgandi.
Izoh (0)