17-mart kuni rejissor Zulfiqor Musoqovning yangi — “Xazonrezgi” nomli filmi premyerasi bo‘lib o‘tadi. Premyera arafasida jurnalist Feruz Muhammad rejissor Zulfiqor Musoqov bilan suhbat uyushtirdi.
— Zulfiqor aka, ayni paytda nimadan tashvishlanayapsiz?— Bilmadim. Albatta, Xudoga ming qatla shukr, yurtimiz tinch va osoyishta. Bu — eng katta boyligimiz. Bu balandparvoz gap emas, bu haqiqat. Premyera oldidan har bir ijodkorga xos ichki bezovtalik.
— Siz har doim sevimli kasbingiz haqida o‘ylashga o‘rganib qolgan insonsiz.— Gapingiz to‘g‘ri. Gohida hayron bo‘lib qolaman. Menda faqat o‘zimga o‘zim savol berish imkoniyati bor. O‘tgan hafta uyda ishlab o‘tirgandim. Ko‘chada bir bola baqirib qoldi. Qarasam, kap-katta barzangi, 50 dan oshgan odam 10 yoshli bolani tepyapti, uryapti. Xavotirlanganimdan ichkiyimda yugurib chiqib: “Aka, nima qilyapsiz, bu bola nima qilib qo‘ydiki, uni uryapsiz?”, desam: “Mashinamni sidirib qo‘yibdi”, deydi. “Mashinangizni sidirgan bo‘lsa, ota-onasining yoniga olib boring”, deya u bilan yoqalashish darajasigacha bordim, qolgan qo‘shnilar esa oynasidan pusib qarab turibdi. Men o‘zbek kinosining, aniqrog‘i, “O‘zbekfilm”da ishlangan ko‘pgina asarlarning hozirgi ahvolini xuddi shunday — oxirgi 15 yil davomida do‘pposlanaverib, gangitib qo‘yilgan bolaga qiyoslayman. Yutuqlar yo‘qmi? O‘tgan yillar davomida faqat tanqidga loyiq filmlar ishlandimi? Kinematograf 1897-yilda “Pate” kinoteatri bilan kirib kelgan yurtda nima uchun shu yuz yildan ortiq davr mobaynida, jillaqursa Mustaqillik yillarida dunyoning eng nufuzli kinomukofotlarini qo‘lga kiritgan milliy filmlar televizorlarda tilga olinmaydi, ular haqida haqiqiy ziyoli mutaxassislar ishtirokida chuqur muhokamalar bo‘lmaydi, hayronman. Nima uchun yoshlarda o‘zbek kinosida katta hodisaga aylangan “Abu Rayhon Beruniy”, “Toshkent — non shahri”, “Sevgi mojarosi”, “Nodirabegim”, “Ulug‘bek yulduzi”, “Furqat”, “Abu Ali Ibn Sino”, “Sayyod qo‘ng‘irog‘i”, “Uchrashuv va vidolashuvlar”, “Oy borib, omon qayt” va shu kabi yana 50 ga yaqin kinoasarlarni tomosha qilish imkoniyati yo‘q? Nima uchun bu filmlarni tushunib bo‘lmas sabablar bilan teleekranda ko‘rsatishmaydi? Gohida hayratda qolaman: milliy telekanallarimizda kinoni umuman tushunmaydigan odamlar saviyasi juda past, avvalo, badiiylik nuqtai nazaridan ancha qoloq filmlarni bir soat sun’iy ravishda muhokama qiladi. Kim va qay tarzda kino haqida bahs olib boryapti? Bahsning o‘zi yo‘q-ku?! Bu, albatta, mening shaxsiy fikrim. Ko‘chaning gapi uyning gapiga to‘g‘ri kelmaydigan vaqt keldi.
— Iliq taasurotlardan bo‘lsin. Yaqinlaringiz, ijodiy jamoangiz a’zolari Sizni Jamol deb chaqiradi. Zulfiqor kasbiy taxallusingizmi?— Ko‘pchilikdan: “Zulfiqor ismini taxallus uchun, oliftagarchilik uchun qo‘llagan”, degan gaplarni eshitganman. O‘shanda ularga qarata: “Aybim nima, chaqaloqligimda o‘zimga ism tanlaganmanmi?”, degandim. Ismim tug‘ilganlik haqidagi guvohnomada ham, pasportda ham Zulfiqor deb yozilgan. Buvimlar: “Zulfiqor og‘ir ism” deb, bobomlarga zarda qilib, Jamol deb chaqira boshlagan. O‘shandan buyon yaqinlarim, buvim, onamlar ham Jamol deb chaqiradi. Zulfiqor hech qanday taxallusim bo‘lmagan, bu buvam bergan ism. Shu gap bilan kaminai kamtarin haqidagi gaplarni to‘xtatsak-da, boshqa savollarga o‘tsak.
— Yangi filmingiz orqali, odatdagidek, o‘zbek kinosiga yangi aktyorlarni olib kirdingiz. Ularni qayerdan topdingiz?— Toshkentdagi teatr aktyorlarining qariyb barchasini yaxshi taniyman. Har bir rolga alohida yo‘l bo‘ladi. “Xazonrezgi” filmida bosh rol ijrochilaridan biri — Samarqand teatrining yetakchi aktyori Baxtiyor Rahimovni teatrdan topganman. San’at instutida o‘qib yurib, kontrakt to‘lashga puli yetmagan Kamoliddin Karimovni topib, filmimda rol berdim. Gohida aktyorlarni ko‘chadan topaman. Bosh qahramonlardan biri — Baxriddin Abdullayevni mashinada ketayotib, mashina oynasidan ko‘zini ko‘rganimdan keyin, aktyor bo‘lmasa-da, filmimda rol o‘ynashga chaqirdim. Ba’zi aktyorlarimiz yuksak professional bo‘lgani sababli filmlarimdan filmlarimga ko‘chib yurishadi. Ikkinchidan, u aktyorlarning insoniy fazilatlari ham menga yaqin. Men uchun suratga olish maydonchasida o‘zaro mehr-oqibat bo‘lmasa bo‘lmaydi. Zarracha, qilchalik xafagarchilik bo‘ladigan bo‘lsa, o‘sha odam o‘sha kuni ijodiy jamoamizdan ketadi. Salomatligim hech qanday janjalni ko‘tarmaydi. Shunga yarasha men har qanday film olishdan avval kartina direktoridan ijodiy jamoamga yaratiladigan sharoit haqida so‘rab olaman. Ya’ni, ijodiy guruhimizning uch mahal ovqatlanishi, yotib turishi, hattoki, issiq suvigacha so‘rayman. Ishoning, bu juda muhim narsalar.
— “Osmondagi bolalar”ning taqdiri nima bo‘ldi — bu filmda o‘ynagan aktyorlar hozir qayerda?— Hamdam, ya’ni, Muzaffar Sa’dullayev hozir temirchilik bilan shug‘ullanmoqda. Muzaffar meni doimiy direktorim Nasrullo Sa’dullayevning o‘g‘li bo‘lgan. Qo‘limda o‘sgan bola. U kinodan ancha xafa bo‘lib ketgan.
— Nega “Osmondagi bolalar” bugungi filmlarimizda yo‘q?— Muzaffar Sa’dullayev “Vatan” filmidan so‘ng: “Jamol aka, mening hayotimda bu film katta o‘ringa ega bo‘ldi, bundan so‘ng kinoda chiqmasam kerak”, degan edi. Temur Musoqov “Osmondagi bolalar”dan so‘ng “Vatan”, “Qo‘rg‘oshin” filmlarida o‘ynadi, “Bekatdagi odam” nomli filmga rejissorlik qildi. U ham, afsuski, kinodan uzoqlashgan. Hammaning o‘z yo‘li bor.
— So‘nggi yillarda o‘zbek kinosi ancha tanqidlarga uchradi. Buning sababi nimada?— Bu savolni bevosita kino rivoji uchun mas’ul kishilarga berish kerak, men rahbar emasman. Shaxsan men har bir filmim uchun javob beraman. Faqat bir narsaning — kinoda ijodiy muhitning yo‘qolgani, badiiylik o‘lchovi, sifat pasayib ketgani sababini aytishim mumkin: kinoning atrofidagi, kinoga kirib qolgan delitantlar, yovuz niyatlilar. Boshqa hech narsa deya olmayman. Buni kim qilyapti, nima uchun qilyapti, ularning tushunib bulmas niyatlari haqida gapirib, ular bilan pachakilashish men uchun kerak emas.
— Besh yil avval bergan intervyularingizning birida tirikchilik uchun “Svoy chelovek” nomli serial suratga olganingizni aytgan ekansiz. So‘nggi besh yilda ham tirikchilik sabab kino oldingizmi?— Yo‘q, tirikchilik uchun emas. Dangal qilib aytganda, to‘g‘ri, o‘sha vaqtlarda “Vatan” filmini qachon boshlayman deb, ishsiz yurgan edim. Moskvadan teleserial uchun taklif keldi va men 10 qismli serial oldim. U mening ishim, bu tirikchilik ham emas. Bir yilda bitta film olmasam, kasal bo‘lib qolaman. Kasbim shu bo‘lganidan keyin, boshqa nima ham qilardim? Qo‘limdan boshqa ish kelmaydi, boshqa ish qilishni xohlamayman ham. Xudoga shukr, xalq, festivallar — hammasi tan olyapti.
— Zulfiqor aka, bilishimcha, Sizni Focus Film School san’at maktabiga dars berish uchun taklif qilishyapti. U yerda yoshlarimizga nimalarni o‘rgatmoqchisiz?— O‘rgatmoqchi emasman, kino san’atiga, kino olamiga birinchi qadam qo‘yishida yordam bermoqchiman. Yoshim, afsuski, anchaga borib qolgan, o‘zimdan keyin ko‘p emas, 3—4 nafar to‘laqonli ssenarist va rejissor qoldirmoqchiman. Xolis niyatim shu. Maktabda jahon kinosining mumtoz asarlari, aktyorlar bilan ishlash mahorati, operatorlik mahorati, kinodramaturgiya asoslari bilan qadamba-qadam tanishtirish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda bu maktabda taniqli operatorlar, kinodramaturglar mahorat mashg‘ulotlarini o‘tkazishga tayyor. Sal oyoqqa turganimizdan so‘ng, chet eldan yetuk kinoarboblarni taklif kilish niyati ham bor.
— Tomoshabin har doim haq deyishadi. Shu rostmi?— Yo‘q. Men bu fikrga umuman qo‘shilmayman. Bu o‘sha tomoshabinni saviyasiga bog‘liq, tomoshabin har xil bo‘ladi. Eng oliy hakam — vaqt. Kimdir aytgan ekan: film yoki kitob bo‘ladimi, farqi yo‘q — u kitobni yana bir marta o‘qish xohishi paydo bo‘lsagina u yaxshi, u filmni bir oydan so‘ng yana bir marta tomosha qilish istagi bo‘lsagina u yaxshi. Afsuski, oxirgi 15 yil ichida tomoshabinni saviyasi zo‘ravonlarcha pastga tushirib yuborildi. Yosh tomoshabinlarimiz ortiqcha savollar bermasligi uchun, boshini g‘ovlatish uchun bir xil qolip, bir xil mavzudagi gaplar takrorlanmoqda. Bu mening shaxsiy fikrim va men bunga butun ijodim bilan qarshiman.
— Bundan kim manfaatdor bo‘lishi mumkin?— Davlat ajratgan pulni ijodkorlarga yetkazadigan odamlarning yaxshi film bilan yomon filmni farqiga bora olmasligi. Afsuski, bu narsa haligacha bor.
— Xususiy studiyalardagi ijodkorlarga munosabatingiz qanday?— Har bir film alohida muhokamaga loyiq. Xususiy studiyalarda yaratilgan filmlarning hammasini ham bir xil deb bo‘lmaydi. Vaholanki, o‘zim ham “Yaratganga shukr” va “Suiqasd” filmlarini xususiy studiyalarda olganman. Filmni ko‘rib, so‘ng baho berish kerak. Lekin davlat tomonidan yaratilgan yoki xususiy studiyalarda suratga olingan filmlarni ko‘pchiligiga tekkan bir kasallik bor — hammasida bir xillik, bir xil aktyorlar, bo‘sh, noprofessional ssenariylar, balandparvoz pand-nasihatgo‘ylik, pulning ketidan quvish bor. Ularga fikrlarimning ahamiyati yo‘q. Xususiy kinostudiyalarga kelsak, hozir juda g‘alati jarayonga duch kelyapmiz: bir vaqtlar san’at saroyining sahnasidan turib: “‘O‘zbekfilm’, ‘O‘zbekkino’ bizga nima qilib beribdi?! Pulimizni o‘zimizga qaytarib berishga imkoniyat yarating!”, — degan xususiy studiyalarning boshliqlari 1—2 yil o‘tmasdan “O‘zbekkino”ga pul so‘rab kelmoqda. Chunki tomoshabinlar ham asta-sekin filmdan filmning farqiga bormoqda, saviyasi past filmlarga kirmayapti.
— Kinoga endi kirib kelayotgan aktyorlarga birinchi marta filmda suratga tushish uchun o‘sha filmning moddiy tomonini ko‘tarasan, deydigan rejissorlar ham bor ekan. Bu qanchalik to‘g‘ri gap? Rostdan ham debyutant aktyorlar filmning moddiy tomonini ma’lum miqdorda ko‘tarishi kerakmi?— Tavba, bu gapni birinchi bor Sizdan eshitishim. Bu aqlbovar qilmaydigan hodisa. Aktyorlardan pora oladigan rejissorlar ham bor ekan-da? Agar bu gap rost bo‘lsa, unda ahvol juda jiddiy...
— Nima sababdan xususiy studiyalar tomonidan suratga olingan filmlarning reklamasi tinmaydi-yu, davlat filmlarining, misol uchun, “Xazonrezgi”ning premyerasiga bir hafta, o‘n kun vaqt qolsa-da deyarli hech qayerda reklamasi yo‘q?— Chunki shaxsan menda telekanallarga beradigan pul yo‘q, bu “O‘zbekkino” rahbariyati va telekanallarning o‘zaro munosabati bilan bog‘liq masala. Afsuski, bundan ish zarar ko‘ryapti, qolaversa, davlat miqyosida zarar yetkazilyapti. Bir narsa ko‘pdan beri ochiq fakt: ming piar qilsin, ming reklama qilsin, agar film yaxshi bo‘lmasa, tomoshabin u filmni ko‘rmaydi. Eng yaxshi reklama — og‘zaki reklama.
— Qaysi o‘zbek rejissorlarining filmlarini doimiy kuzatib borasiz?— Afsuski, hammasini, chunki men “O‘zbekkino”dagi Badiiy kengash a’zosiman. So‘nggi 5—6 yildan beri har bir filmning avval ssenariysini o‘qib, so‘ng birinchi tomoshabinlari qatorida o‘tirishimga to‘g‘ri kelyapti. To‘g‘ri, badiiyligi jihatdan menga ma’qul bo‘lgan asarlar ham bor. Masalan, Abduxalil Mignorovnining “Hovli” va “Ota” filmlari. Bundan tashqari, yaqinda kuchukcha haqida qisqagina, lekin juda chiroyli va bolajonlarimizga yoqadigan multfilmni ham ko‘rdim.
— Majburiy tomoshabinimi?— Majburiy tomoshabini. Ba’zi filmlarning ikkinchi variantini ko‘rishga ham majbur bo‘lamiz. Besh-olti rejissor men bilan gaplashishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Gaplashmasa gaplashmasin. O‘zi haqidagi baland fikri qo‘lidan keladigan ishidan 15 qadam oldinda yugurar ekan, bularga birorta gap kor qilmaydi. Bir narsa desang, bularning birinchi raqamli dushmaniga aylanasan. Vaholanki, Badiiy kengashning 10 dan ortiq a’zosi bor. Bittasiga yoqmapti.
— 5 yil muqaddam Siz bilan bo‘lgan intervyuda: “Bizda hali kino sanoati yo‘q, bitta diskni chiqarib, kassani oldida tomoshabinni kutib o‘tirish — bu hali kino sanoati emas”, degan ekansiz. Shundan beri nimadir o‘zgardimi?— Ahvol o‘sha-o‘sha, o‘zgarmagan. Kinoteatrlarga kirish madaniyati juda past, premyeralarda telefonlarni yoqib qo‘yishadi, emizikli bolalarni olib kirishadi. Gapning ochig‘i, premyeralarimni yomon ko‘raman, chunki ishlagan filmimga, aktyorlarimga xo‘rligim keladi. Rahbarlarga necha bor: “Emizikli bolalarni kinotetrlarga qo‘ymaylik, ular kinoning ovozidan qo‘rqib ketadi”, deganimda: “Ha, endi o‘zbekchilik-da”, — deyishadi. Bu o‘zbekchilik emas — bu ayrim tomoshabinlarning madaniyatsizligi. Albatta, aytilgan fikrlar o‘ta shaxsiy va bahsli. Lekin men umidimni uzmaganman. Madaniyatli, o‘qimishli tomoshabinlarimiz ham oz emas.
— Premyeradan so‘ng dam olasizmi?— Qanaqa dam?! Xudo xoxlasa, “Otam betob” filmi ustida ish boshlashga tayyorgarlik ko‘raman. Bu film ssenariysi uch yil avval yozilgan.
— So‘nggi savol: “Xazonrezgi”ning syujeti ancha sokin, film voqealarga uncha boy emas. Uning kassabop bo‘lishiga ko‘zingiz yetadimi?— Men bir narsadan umidvorman: avvalgi filmlarim kabi, “Xazonrezgi” ham o‘z tomoshabiniga ega bo‘ladi. Buni vaqt ko‘rsatadi.
Izoh (0)