Anqaradagi terakt ikki xudkush — bir erkak va bir ayol tomonidan sodir etilgan bo‘lib, ularning shaxsi aniqlangan. Bu haqda Hürriyet gazetasiga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Ayol Balikesir shahri universitetida ta’lim olgani va terrorchi guruh tarkibiga 2013-yili qo‘shilgani aytilmoqda. Hozircha uning ismi-sharifi bosh harflari oshkor etildi — S. Ch. D.
Erkak terrorchi haqida ma’lumot keltirilmadi.
Eslatib o‘tamiz, Anqaraning Kazilay tumanida yuz bergan portlash oqibatida 37 kishi halok bo‘ldi, 125 kishi jabrlandi. Terakt shaharning bir nechta bank, metro stansiyasi, avtobus bekati va xiyobon joylashgan qismida yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, portlovchi moddalar joylangan avtomobil avtobusga kelib urilgan. Terakt uchun foydalanilgan mashina 10-yanvarda Shonliurfadan olib qochilgan.
Izoh (0)