Apple jurnalistlarga 21-mart kuni Kupertinoda bo‘lib o‘tadigan taqdimotga taklifnomalar jo‘natdi, deya xabar bermoqda “RBK”. Kompaniya smartfon va planshetning yangi modellarini namoyish etishi kutilmoqda.
The Verge yozishicha, 21-mart kuni Apple iPhone SE (special edition — “maxsus versiya”) va iPad’ning yangilangan versiyasini taqdim etadi.
iPhone SE tashqi ko‘rinishi jihatidan iPhone 5S’ga o‘xshash bo‘lishi, biroq xususiyatlari yanada yaxshilanishi taxmin qilinmoqda. Yangi qurilmaga A9 protsessori, shuningdek, 8 megapikselli kamera va Touch ID barmoq izi datchigi o‘rnatiladi. Uning diagonali iPhone 6 va iPhone 6S modellarinikidan kichikroq bo‘ladi.
Taqdimotda yana bir yangilik — iPad Pro’ning yangi versiyasi namoyish etilishi kutilmoqda. Unda stilus va ko‘chma klaviaturadan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)