“Barselona” jamoasi hujumchisi Neymar Ispaniya chempionati doirasida yig‘ilib qolgan sariq kartochkalari tufayli bir o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. 24 yoshli futbolchi diskvalifikatsiyasidan foydalanib, singlisi Rafaella Bekranning tug‘ilgan kunini nishonlash uchun Braziliyaga yo‘l oldi, deb xabar beradi “TASS”.
Neymar Ispaniya chempionati 27-turida “Rayo Valyekano”ga qarshi (5:1) kechgan bahsning 87-daqiqasida hakam tomonidan ogohlantirish olib, joriy mavsumdagi sariq kartochkalar sonini 5 taga yetkazdi. Hujumchi yuzaga kelgan tanaffusdan unumli foydalanish uchun singlisining tug‘ilgan kunini nishonlash maqsadida Braziliyaga uchib ketgan.Braziliyalik futbolchi bunday xatti-harakatni birinchi marta amalga oshirgani yo‘q. O‘tgan yili ham u shu tariqa singlisining tavallud kunini nishonlash uchun Braziliyaga jo‘nab ketgandi. O‘shanda Neymar 8-mart kuni “Rayo Valyekano”ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgan.
Ma’lumot uchun, Neymarning singlisi Rafaella Bekran 1996-yilning 11-martida tavallud topgan.
Izoh (0)