Checheniston rahbari Ramzan Qodirov respublika hududida “diniy-axloqiy” pasportlar joriy etilishini inkor qildi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
“Ayrim OAVlarda yozilishicha, Chechenistonda yoshlarga qanaqadir yangi “pasportlar” berilayotgan emish. Eslatib o‘tmoqchiman, mamlakatimizda faqat bitta pasport bor – Rossiya fuqarosi pasporti! Qolgani uydirmadir!”, – deb yozdi Qodirov Instagram’dagi sahifasida.
Ilgariroq Checheniston parlamenti deputati Adam Malikov 14-35 yoshdagi chechenistonliklar diniy-axloqiy pasportlar olishga majbur bo‘lishini ta’kidlagan edi. Checheniston parlamenti saytida chop etilgan xabarga ko‘ra, bunday topshiriq respublika rahbari tomonidan berilgan.
“Ushbu choralar o‘z vaqtida qabul qilingan choradir. Bugun turli ekstremistik guruhlar yoshlar ongini yolg‘on g‘oyalar bilan zaharlashga urinmoqda. Shuning uchun qimmatli vaqtni ketkazmasdan, ekstremizm va terrorchilik namoyon bo‘lishining har qanday shakliga barham berishimiz lozim”, — degan edi deputat Adam Malikov.
Yangi pasportlarda yoshlarning shaxsiy qobiliyatlari, millati, qaysi toifa va diniy jamoaga tegishliligi ko‘rsatilishi aytilgan edi.
Ammo Qodirovning tushuntirishicha, gap faqat ekstremizm va terrorchilikka qarshi kurash choralarini kuchaytirish haqida ketmoqda. Bunda mahalliy boshqaruv organlari, ruhoniylar va jamoat tashkilotlari yoshlar orasida tushuntirish ishlari olib borish hamda ularning radikal oqimlarga kirib qolmasligi yo‘lida choralar ko‘rishda qatnashishi ko‘zda tutilmoqda.
Izoh (0)