“Kinorama.uz” nashri Alisher Navoiy nomli kinosaroy direktori o‘rinbosari Husniddin Ergashev bilan suhbat o‘tkazdi. Intervyu chog‘ida direktor o‘rinbosari “Baron” filmining kinosaroyda namoyish etilishi bilan bog‘liq ba’zi tafsilotlarni aytib o‘tdi.
“Kinosaroyga 3200 nafar odamni birdan qabul qila olamiz. ‘Baron’ filmidan keyin bu ham kam ekanligiga amin bo‘ldik. Zallarimizdagi o‘rindiqlar sonini ko‘paytirishni hayotning o‘zi taqozo qilib qo‘ydi. O‘sha kunlari ‘Baron’ filmi uchun 8000 dan ortiq odamlarni qabul qildik, undan tashqari 700 ga yaqin tomoshabin filmni ko‘rmasdan uylariga qaytishga majbur bo‘ldi. Ularga to‘g‘ri tushuntirib, keyingi kunga kelishini iltimos qildik”, — dedi u.
Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, “Baron” filmi hali ham tomoshabin kirishi jihatidan kinosaroydagi old filmlardan biri hisoblanadi.
“Tarbiyaviy ahamiyati kuchli bo‘lgani uchun ham bu film haligacha zallarimizda namoyish qilinmoqda. Ammo videoqaroqchilar tomonidan tarqatilgani tomoshabinlarning keskin kamayishiga sabab bo‘ldi”, — deya qo‘shib qo‘ydi u.
Eslatib o‘tamiz, rejissor Rustam Sa’diyevning yangi — “Baron” nomli filmining Alisher Navoiy nomli kinosaroy (“Panorama”)dagi namoyishlariga 24-yanvar kuni 7,5 ming tomoshabin kelgan edi.
Avvalroq Alisher Navoiy nomli kinosaroy direktori o‘rinbosari “Baron” filmining qo‘lga chiqib ketishiga kinosaroyning aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)