Moskvaning “Lokomotiv” klubi Turkiyaning “Fenerbaxche” jamoasi bilan o‘yindagi yarim himoyachi Dmitriy Tarasovning Putin surati tushirilgan futbolkasini namoyish etishini yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat, deb hisoblaydi. Shu mazmundagi bayonot klub rasmiy saytida e’lon qilindi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
“Lokomotiv” Dmitriy Tarasovga qarshi ish ochgan UEFAning nuqtai nazarini qo‘llab-quvvatlaydi va futbolchi klub bilan shartnomasiga ko‘ra, ma’muriy jazoga tortiladi.
“Musobaqa tashkilotchisi ishtirokchilar har qanday suratlarni, hattoki u xayrixohlik ruhida bo‘lsa ham, o‘yin vaqtida namoyish etishni taqiqlaydi. Siyosiy, mafkuraviy yoki diniy targ‘ibot futbol hududida taqiqlanadi”, — deyiladi klub xabarida.
“Lokomotiv” Tarasov o‘z rejalaridan klub xodimlarini xabardor qilmagani uchun hodisaning oldini olishning imkoni bo‘lmaganidan afsusdaligini bildirdi. “Dmitriyning tashabbusi noo‘rin bo‘ldi va klubga ham, uning o‘ziga ham ziyon keltiradi”, — deyiladi “Lokomotiv” bayonotida.
Izoh (0)