Istanbulda Turkiyaning “Fenerbaxche”si bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin tasviri tushirilgan futbolkasini ko‘z-ko‘z qilgan Moskvaning “Lokomotiv” jamoasi yarim himoyachisi Dmitriy Tarasov Yevropa kuboklarining kamida o‘nta matchini o‘tkazib yuborishi mumkin, deb yozadi “Interfaks”.
UEFAning Intizom reglamentining 14-moddasi 7-bandiga ko‘ra, “mafkuraviy, siyosiy yoki diniy targ‘ibotning har qanday shakli taqiqlanadi”. Tarasov qoidalarning ushbu bandi ta’siriga uchrashi mumkin.
Ushbu modda bo‘yicha o‘yinchini o‘nta match va undan ko‘proq muddatga diskvalifikatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, qoidabuzarlik takrorlansa, “Lokomotiv” o‘yinni tomoshabinlarsiz o‘tkazishi va jarima sifatida 50 ming yevro to‘lashi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, “Fenerbaxche” bilan uchrashuv yakunlangach, Tarasov jamoa futbolkasini yechgan, shunda uning ostida Putinning harbiy libosda tushgan surati hamda “Eng xushmuomala prezident” yozuvi joylashtirilgan boshqa futbolka borligi ma’lum bo‘lgan edi.
Izoh (0)