Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Instagram’dagi sahifasida shu yilning mart oyida Grozniyning “Kolizey” sport saroyida o‘tkaziladigan boks kechasi tafsilotlari haqida ma’lumot berdi.
Ilgari xabar qilinganidek, kechaning asosiy jangi o‘zbekistonlik Ruslan Chagayev va avstraliyalik Lukas Braun o‘rtasida o‘tkaziladi.
“5-mart kuni ‘Kolizey’ sport saroyida katta boks kechasi bo‘lib o‘tadi, – deb yozadi Qodirov. – Asosiy jangda ‘Ahmad’ klubi vakili Ruslan Chagayev va avstraliyalik Lukas Braun uchrashadi. Shuningdek, ringga Edmund Gerber, Visxan Murzabekov, Apti Davtayev, Apti Ustarxanov, Islam Yedisultanov, Movsar Yusupov, Ramzan Baysarov, Jabreil Muzayev, Bulat Bishiyevlar chiqadi”.
Qodirovning ta’kidlashicha, jangga tayyorlanayotgan sportchilar bilan murabbiy Pedro Diaz, bokschilar Gilyermo Rigando va Tayron Sponglar mahorat maktablari o‘tkazgan.
“Men ham ularda ishtirok etdim, – ta’kidladi Checheniston yetakchisi. – Bokschilarimiz ajoyib natijalar ko‘rsatishiga aminman”.
Izoh (0)