AQShning sobiq moliya vaziri Lerri Sammers korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurash choralari samaradorligini oshirish maqsadida 500 yevro va 100 dollar nominalli banknotalarni iste’moldan chiqarishni taklif qildi. The Washington Post gazetasida chop etilgan maqolasida u Garvard universitetining biznes va davlat boshqaruvi muammolarini o‘rganish ilmiy markazining yangi tadqiqotiga tayangan holda shunday tashabbusni ilgari surdi, deb xabar beradi “TASS” agentligi.
Sammers o‘z vaqtida Yevropa Ittifoqi tomonidan 500 yevrolik banknotaning chiqarilishiga qarshi bo‘lgan edi.“Ba’zi doiralarda 500 yevrolik banknota ‘ben Laden’ deb ataladi, – ta’kidlaydi mutaxassis. – Zamonaviy texnologiyalar qonuniy tijoratda yirik nominalli banknotalarga bo‘lgan har qanday ehtiyojni yo‘qqa chiqaradi”.
Sammersning yozishicha, 500 yevrolik kupyuralardan iborat 1 million dollarlik summa 2,2 funt tosh bosadi, 20 dollarlik banknotalarda esa shu miqdordagi mablag‘ 50 funt vaznga ega bo‘ladi.
“Mavjud kupyuralarni yig‘ishtirib olishday qadamning tashlanishi ortiq darajada xatarli bo‘lishi mumkin. Lekin yuqori nominalli yangi kupyuralarning zarb etilishiga cheklov o‘rnatsak, dunyoni yaxshilashga hissa qo‘shgan bo‘lamiz”, – xulosa qildi Sammers.
Izoh (0)