Eron o‘zining temiryo‘l tarmog‘idan foydalangan holda Yevropa va Xitoyni transport yo‘llari bilan bog‘lamoqchi ekanligi haqidagi rejasini e’lon qildi, deb xabar beradi “TASS”.
15-fevral, dushanba kuni “Yangi ipak yo‘li” loyihasi doirasida Xitoydan Tehronga yetib kelgan yuk poyezdini kutib olish marosimida Eron Temiryo‘llari boshqaruvchi direktori Muhsin Pursaid-Agaiy “ipak yo‘li yo‘nalishida joylashgan mamlakatlar qadimiy savdo yo‘lini qayta tiklashga urinayotgani”ni ma’lum qildi.
“Bu poyezdning yo‘lga chiqqanidan so‘ng ikki haftadan kamroq vaqt ichida Tehronga yetib kelishi mislsiz natija, axir poyezd sutkasiga o‘rtacha 700 kilometrni bosib o‘tdi”, — dedi Pursaid-Agaiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, temiryo‘li orqali yuk tashish dengiz yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashishga qaraganda yo‘lni 30 kunga qisqartirgan. “Bu Shanxay porti Eron orqali Yevropa bilan bog‘lanishini anglatadi”, — dedi Eron Temiryo‘llari boshqaruvchi direktori.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Eron temiryo‘llari orqali tranzit yuklarni tashish yiliga 1,5 million tonnadan 4 million tonnaga oshadi.
Poyezd 29-yanvar kuni Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanidan 32 ta konteyner bilan yo‘lga tushgandi. U 10 ming kilometr masofani bosib o‘tdi, jumladan, Qozog‘iston va Turkmaniston hududidan ham o‘tdi.
Izoh (0)