Yaponiya qurolli kuchlari Shimoliy Koreya tomonidan ballistik raketa uchirilishi ehtimoliga javoban quruqlikdagi komplekslar va raketaga qarshi himoya tizimiga ega kemalarni jangovar holatga keltirdi. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Gen Nakatani ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
Vazirning bildirishicha, oxirgi rusumdagi Patriot PAK-3 raketaga qarshi himoya komplekslari Tokiodagi vazirlik binosi hovlisida, Asaka va Narasino harbiy bazalarida joylashtirilgan. Boshqa qurilmalarning joylashtirilgan manzillari oshkor etilmadi.
“Shimoliy Koreya xalqaro idoralarga raketasining uchirilish muddati, uning qismlari tushishi mumkin bo‘lgan manzillar haqida xabar bermadi. Hatto raketa o‘zi uchiriladimi-yo‘qmi, bu ham ma’lum emas. Bunday sharoitda amalga oshiradigan harakatlarimiz, jumladan, raketalarni tutish tizimi bilan jihozlangan kemalar joylashtirilishi bo‘yicha ma’lumotlar berilishi maqsadga muvofiq emas, deb hisoblayman” , — deya ta’kidladi Gen Nakatani.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yaponiya rasmiylari KXDR ballistik raketasi uchirilgan taqdirda uni urib tushirishga buyruq bergani haqida xabar berilgandi.