Toshkent shahridagi Inha universitetida 2016-yilning 29-yanvar kuni o‘tgan semestr natijalariga ko‘ra eng yaxshi talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar bermoqda.
Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalarga yakuniy imtihon natijalari va semestr davomida yig‘gan ballari (kreditlari) asosida har bir kurs uchun 10 nafar talabaga 1 o‘quv semestri uchun kontrakt to‘lovidan 100% va 50% chegirmali grantlar belgilanadi.
Bundan tashqari, o‘rtacha o‘zlashtirishi bo‘yicha ko‘rsatkich 3,5 yoki undan yuqori bo‘lgan talabalar “Dekanat ro‘yxati” (Dean’s List) ga kiritildi va Faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Tadbir davomida o‘tgan semestr natijalariga ko‘ra Toshkent shahridagi Inha universitetining eng yaxshi talabalarining nomlari e’lon qilindi. Taqdirlanganlarning soni 20 nafarni tashkil qildi: 10 nafar birinchi va 10 nafar ikkinchi kurs talabalari.
Ushbu tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining maxsus stipendiyasini qo‘lga kiritgan Muhammadjon Toshpo‘latov va Sherzodbek Abdurasulovlar ham taqdirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi maxsus stipendiyasi iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘qishda, ijtimoiy hayotda, ilmiy izlanishlarda muvaffaqiyatlarga erishayotgan yoshlarga beriladi.
Tadbir davomida Toshkent shahridagi Inha Universiteti tayyorlov kurslarida imtihonlarni a’lo darajada topshirgan bir guruh tinglovchilar taqdirlandi. Olti nafar tinglovchiga sertifikat va qimmatbaho sovg‘alar – telefonlar, xotira diski va flesh disklar topshirildi.
Ushbu tadbir talabalarning ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqini va ular orasidagi sog‘lom raqobatni oshirishga qaratildi.