Joriy yilning 2-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomovning Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi (BSOA) va Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasining bosh kotibi Kim Yon Xi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Delegatsiya O‘zbekistonga ikki davlat saylov organlarining hamkorligi istiqbollarini muhokama qilish, saylov qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish sohasida tajriba almashish maqsadida tashrif buyurgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi o‘rtasida, shuningdek BSOA doirasida hamkorlik qilish memorandumini imzolash marosimi o‘tkazildi. Bu saylov to‘g‘risidagi qonunchilikni va saylov amaliyotini takomillashtirish sohasida tajriba almashuviga, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish sohasida axborot almashishga, saylov jarayoniga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishga qaratilgan qo‘shma tadbirlar va loyihalar amalga oshirishga xizmat qiladi.
BSOA qarorgohi Inchxon shahrida (Koreya Respublikasi) joylashgan xalqaro tashkilot sifatida 2013-yil oktabr oyida tashkil topgan. Hozirgi vaqtda u 102 mamlakatning 106 ta saylov organini birlashtiradi. Tashkilotning maqsadi ochiq, shaffof saylovlar tashkil qilish va o‘tkazish masalalarida axborot hamda tajriba almashish bo‘yicha xalqaro hamkorlikka ko‘maklashishdan, shuningdek, saylov organlarini demokratik saylov o‘tkazishning tashkiliy-huquqiy asoslarini, kasbiy darajasini mustahkamlash va rivojlantirishda qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.