Google egalik qiluvchi Alphabet xoldingi bozor kapitalizatsiyasi bo‘yicha Apple’ni ortda qoldirib, dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi, deya xabar bermoqda “TASS” Alphabet’ning 2015-yil to‘rtinchi choragi bo‘yicha hisobotiga tayanib.
Hisobot davrida Alphabet’ning sof daromadi 4,92 milliard dollarni tashkil etdi, o‘tgan yilning shu davrida esa ko‘rsatkich 4,67 milliard dollarga teng bo‘lgan. Shu tariqa xolding kapitalizatsiyasi 568 milliard dollarga yetdi, Apple’niki esa 535 milliard dollarni tashkil etadi.
Hisobot e’lon qilingach, Alphabet aksiyalari 8 foizga o‘sdi.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yil avgustida Google asoschilari Larri Peyj va Sergey Brin yangi Alphabet xolding kompaniyasi yaratilgani haqida e’lon qilgan edi. Qidiruv tizimi unga tarkibiy qismlardan biri sifatidagina kirdi. Peyj aytishicha, bu Google aktivlarini boshqarish tuzilmasini tushunarliroq qiladi.