Xonanda Dilfuza Ismoilova ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlari yuzasidan sudlashayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda “Darakchi.uz” xabar bermoqda.
Avvalroq xonanda Dilfuza Ismoilovaning bir restoranda raqsga tushayotgani aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgani, xonanda bu suratlarni tarqatishda Ozoda Nursaidovani ayblagani ma’lum bo‘lgandi.
Keyinroq xonanda Ozoda Nursaidova bu ayblovlarga javob berib, “Dilfuza Ismoilovaning suratlarini ataylab tarqatish shart emas, u hamma to‘ylarda shunday raqsga tushadi”, qabilida fikr bildirgandi.
“Yo‘g‘e, nega sudlashaman?! Oddiy rasm-ku, buni ko‘rgan ayrim jurnalistlar, bilmayman, piar bo‘lsin debmi, o‘zining reytingini oshirish uchunmi, shov-shuv ko‘tarib yuboribdi. Ozoda singlim — zo‘r qiz, to‘ylarimda xizmatda bo‘ldi. Tuzini yeb, tuzlug‘iga tupuradigan ayol emasman”, — dedi Dilfuza Ismoilova.
“Mendan: ‘Qaysi tadbirga borganingizda suratga olingan?’, deb so‘rayverishganida, rostini aytdim, xolos, ‘Ozoda tarqatdi’, demadim, unga nisbatan xusumatim yo‘q. Ba’zi jurnalistlar qalam haqini halollab olishi kerak. Kim tarqatgan bo‘lsa jazosi bor”, — dedi xonanda.
Izoh (0)