Rejissor Rustam Sa’diyev “Baron” filmini disklarda tarqatib yuborgan “videoqaroqchilar”ning qilmishi javobsiz qolmasligini ta’kidladi. Bu haqda u “Qalampir”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Avvalroq, filmning sifatli nusxasi “videoqaroqchilar” tomonidan disklarda tarqatib yuborilgani haqida xabar berilgan edi. Rustam Sa’diyevning aytishicha, “videoqaroqchilar”ning qo‘lidagi material bilan kinoteatrlarda namoyish etilayotgan film o‘rtasida farq bor.
“Bu ishlar shunchaki javobsiz qolmasligi tayin. Filmning davomini suratga olishim va o‘zbek kinosining yanada rivojlanishi, shubhasiz, kinoteatrlarga kelayotgan tomoshabinlarga bog‘liq. O‘zini hurmat qilgan, yuzlab kishilarning mehnatini qadrlaydigan asl tomoshabinlar filmni kinoteatrlarga kelib tomosha qiladi”, — deya qo‘shimcha qildi Rustam Sa’diyev.
Qayd etish joiz, Sa’diyevning avvalgi — “Sotqin” filmi disklari ham premyeradan ko‘p o‘tmay “videoqaroqchilar” tomonidan tarqatib yuborilgandi.
“Baron” filmi premyerasi 16-yanvar kuni Alisher Navoiy nomli kinosaroyida bo‘lib o‘tgandi. 21—24-yanvar kunlari davomida kinosaroyning barcha 12 zalida “Baron” namoyish etilgan, xususan, 24-yanvardagi namoyishlar uchun 7,5 mingta chipta sotilgan, 2 ming kishi chipta ololmay qolgan.
Izoh (0)