Rossiyada epidemiya bo‘sag‘asidan oshib o‘tilgan uch haftadan beri 107 kishi gripp asoratlari tufayli nobud bo‘ldi. Ular orasida 8 nafar bola va 4 nafar homilador ayol bor. O‘lim holatlari asosan cho‘chqa grippi virusi oqibatida ro‘y bergan, deya ma’lum qiladi Tjournal.
“Shu uch haftaning o‘zida mamlakatda 4,5 ming kishi miokard infarkti, 6 ming kishi insult, ming kishi yo‘l-transport hodisasida halok bo‘ldi. Bu raqamlarni keltirishdan maqsad vaziyatga sovuqqonlik bilan baho berilishi istagidir”, — deya ta’kidlagan Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova.
Vazir 2009-yili, cho‘chqa grippi epidemiyasi tarqalganda, Rossiyada 687 kishi nobud bo‘lganini eslatdi va ayni paytda sog‘liqni saqlash tizimi kasallikka qarshi turish uchun birmuncha yaxshi tayyorgarlikka ega ekanligini ma’lum qildi.
Izoh (0)