Toshkent shahrida 1966-yili yuz bergan va shaharning markaziy qismini vayron qilgan yerosti silkinishlaridan so‘ng bir necha marta xuddi shunday kuchdagi zilzila yuz bergan. Bu haqda, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti yetakchi ilmiy mutaxassisi Roman Ibragimovga asoslanib, UZ24 xabar bermoqda.
Toshkent shahrida 1966-yil 26-aprel kuni magnitudasi 5,2 ga, intensivligi esa 8 ballga teng zilzila yuz bergan, natijada 2 million kvadrat metrdan ortiq turar-joy, 8 kishi halok bo‘lgan, 150 ga yaqin kishi jarohatlangan, 300 ming kishi boshpanasiz qolgan.
Qayd etishlaricha, 1971-yili Tovoqsoyda, 1980-yili Nazarbekda, 1987-yili Oltintepada, shuningdek, 2008 va 2010-yillarda bevosita Tashkent shahrining o‘zida intensivligi 1966-yilgi zilzila bilan teng bo‘lgan yerosti silkinishlari qayd etilgan.
“1966-yilgi zilzila katta shov-shuvga sabab bo‘lib, nafaqat O‘zbekistonda, balki butun sobiq Ittifoqda seysmologiya sohasining rivojiga turtki bergan bo‘lsa-da, seysmologik jihatdan takrorlanmas hodisa emas. Bu kabi zilzilalar mamlakatda har ikki-uch yilda bir bo‘lib turadi”, — dedi Seysmologiya instituti vakili.
Seysmologiya instituti laboratoriya mudiri, professor Turdiali Ortiqovning so‘zlariga ko‘ra, 1966-yilgi zilzilada vayronagarchilik va qurbonlar soni ko‘p bo‘lganiga sabab — shaxsiy turar-joy binolari zilzilabardoshli qilib qurilmaganidir.
“1966-yilgi zilziladan avval Markaziy univermag, “Toshkent” mehmonxonasi va boshqa yirik binolar qurilgan bo‘lib, ularda zilzilabardoshlik hisobga olingan. Ular zilzilaga bardosh bera olgan va hozir ham mustahkam turibdi. 1966-yili asosan xususiy uy-joylar vayron bo‘lgan. Shundan so‘ng bizda turar-joy binolari qurilishiga jiddiy e’tibor qaratila boshlandi”, — dedi professor.
Izoh (0)