O‘zbekiston olimpiya terma jamoasiga U-23 Osiyo chempionatida nima yetishmadi?
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Rio—2016 Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari tikilgan U-23 Osiyo chempionatidagi ishtirokini kutilganidan vaqtliroq yakunladi. Samvel Babayan qo‘l ostidagi jamoa musobaqa guruh bosqichining dastlabki ikki o‘yinida Janubiy Koreya va Iroqqa mag‘lub bo‘lib, Olimpiada yo‘llanmasidan mahrum bo‘ldi.
Foto: O‘FF matbuot xizmatiO‘zbekiston olimpiya terma jamoasi futbolchilari nima sababdan bunday muvaffaqiyatsizlikka uchradi, ularga nima xalal berdi yoki nima yetishmadi? Bu og‘riqli savolga futbol mutaxassislari javob beradi.
Vaqt yetishmadi
Foto: “Championat.asia”Rauf Inileyev, O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi: “Terma jamoamizda musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish uchun kam vaqt bo‘ldi. Shu kungacha olimpiya terma jamoamizni ko‘plab murabbiylar boshqardi — bu ham qaysidir ma’noda o‘z tasirini o‘tkazmasdan qolmadi” (“Championat.asia”).
Jamoaviy o‘yin yetishmadi
Foto: “Bunyodkor” FK matbuot xizmatiMurod Otajonov, “Bunyodkor” futbol klubi akademiyasi murabbiyi: “Yoshlarimizda jamoaviy o‘yin yaxshi shakllanmagani bilinib qoldi. Futbol — jamoaviy o‘yin. Hamma yigitlar harakat qilishi kerak edi. Ammo o‘yinchilar oxirigacha yuqori saviyada o‘ynay olmadi” (“Championat.asia”).
Saviya yetishmadi
Foto: O‘FF matbuot xizmatiSamvel Babayan, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi, Iroqqa qarshi o‘yindan so‘ng: “[Iroq uchinchi golini urgan vaziyatda] futbolchimiz (Vladimir Kozak) oxirigacha kurashish o‘rniga to‘xtab qoldi. O‘yin hakam hushtagigacha davom etadi va buni futbolchilar bilishi kerak. Afsuski, [Kozak] o‘sha vaziyatda qanday saviyadagi futbolchi ekanini bildirib qo‘ydi. Yuqori saviyali futbolchilar bunday vaziyatlarda nima qilish kerakligini yaxshi biladi” (O‘FF matbuot xizmati).
Ishonchli darvozabon yetishmadi
Foto: Getty ImagesRauf Inileyev, O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi: “Bizga, eng avvalo, ishonchli darvozabon yetishmadi. Himoyachilarimiz ham bir-birini tushunib o‘ynay olmadi... Agarda bu tomondan kamchilik bo‘lmaganida, o‘ylaymanki, oldingi chiziqdagi ishlarimiz yomon kechmasdi” (“Championat.asia”).
Lider yetishmadi
Foto: Getty ImagesRauf Inileyev, O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi: “Asosiy kamchiligimiz bu — olimpiya terma jamoasida lider o‘yinchining yo‘qligidir. Birorta futbolchi yaqqol ajralib turgani yo‘q. Oldingi chiziq vakiliga qulay pas oshirib beruvchi dispetcherni ko‘rmadim” (“Championat.asia”).
G‘oliblik ruhi yetishmadi
Sayfiddin Ermatov (o‘ngdan ikkinchi). Foto: “Sports.ru”Sayfiddin Ermatov, Ravshan Ermatovning otasi, sobiq hakam: “Olimpiya terma jamoasining mag‘lubiyatlari kayfiyatimizni tushirib yubordi. Ularning ko‘rsatgan o‘yinlariga sira tushuna olmadim. Bizga g‘oliblik ruhi yetishmadi” (“Championat.asia”).
Babayanga tajriba yetishmadi
Foto: “Sports.ru”Rustam Akramov, O‘FF Terma jamoalar markazi texnik direktori: “Samvel Babayan haqida shunday deyishim mumkin: u yaxshi inson, jamoani yaxshi shakllantirgan, ‘Paxtakor’ bilan O‘zbekistonning ikki karra chempioni bo‘lgan. Shuningdek, u yaxshi menejer va murabbiy hamdir. Biroq, Babayanga musobaqada qatnashish tajribasi yetishmadi, deb o‘ylayman” (“Championat.asia”).
Borimiz shu
Foto: O‘FF matbuot xizmati
Samvel Babayan, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi, Iroqqa qarshi o‘yindan so‘ng: “Biz Olimpiada yo‘llanmasi uchun kurashayotgan jamoaga yutqazdik. Nima ham derdim, demak bugungi kunda imkoniyatlarimiz, borimiz shu ekan. Afsuski hech narsa ko‘rsata olmadik” (“Championat.asia”).
Izoh (0)