Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan va terma jamoa sardori Odil Ahmedov FIFA tomonidan o‘tkazilgan jahonning 2015-yildagi eng yaxshi futbolchisi so‘rovnomasida Lionel Messiga ovoz berdi. Bu haqda “Oltin to‘p” taqdimotidan so‘ng FIFA tomonidan e’lon qilingan so‘rovnoma yakunlarida (pdf) ma’lumot berilgan.
So‘rovnoma bo‘yicha Samvel Babayanning ham, Odil Ahmedovning ham tanlovi bir xil ko‘rinish olgan. Murabbiy va uning shogirdi so‘rovnomada birinchi o‘ringa Messini, ikkinchi o‘ringa Krishtianu Ronalduni, uchinchi o‘ringa esa hujumchi Neymarni loyiq deb topgan.
O‘zbekiston nomidan so‘rovnomadan ishtirok etgan uchinchi vakil — O‘zPFL matbuot kotibi Grigoriy Rtveladze Krishtianu Ronalduni birinchi o‘ringa, “Barselona” hujumchisi Luis Suaresni ikkinchi o‘ringa, “Bavariya” vakili Tomas Myullerni esa uchinchi o‘ringa joylashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, 11-yanvar kuni Shveysariyaning Syurix shahrida “Oltin to‘p” taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda 2015-yilning eng yaxshi futbolchisi nomi e’lon qilindi. Yil yakunlariga ko‘ra, “Barselona” hujumchisi Lionel Messi faoliyatida beshinchi bor “Oltin to‘p” egasiga aylandi.
Izoh (0)