O‘tgan hafta mobaynida O‘zbekiston hududida 325 ta yong‘in qayd etilgan. Turli sabablarga ko‘ra sodir bo‘lgan yong‘inlarda 9 nafar fuqaro tan jarohati olgan va 7 nafar fuqaro halok bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu yong‘inlarda 1 milliard 223 million so‘mdan ortiq qurilish konstruksiyalari va 964 million so‘mga yaqin moddiy boyliklar yong‘indan saqlab qolingan.
Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida yashovchi fuqaro S.Mansurovaning uyida elektr simlarning qisqa tutashuvi natijasida yong‘in sodir bo‘lib, uyning 70 kv.m maydonda tomi, shift qismi va uy jihozlari yonib zararlangan.
Buxoro viloyati Kogon tumanida yashovchi fuqaro Y.Bo‘riyevning uyida elektr simlarning qisqa tutashuvi natijasida yong‘in sodir bo‘lib, uyning 170 kv.m maydonda tomi, shift qismi va uy jihozlari yonib zararlangan.
Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida yashovchi fuqaro M.Diyorovaning uyidagi isitish pechining dudburoni qizib ketishi natijasida yong‘in kelib chiqib, uyning 80 kv.m maydonida tom qismi va g‘amlab qo‘yilgan xashagi yonib zararlangan.
“Ushbu holatlar beparvolik va e’tiborsizlik tufayli sodir bo‘lmoqda. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun yong‘in xavfsizligi talablarini yoddan chiqarmang. Gaz va elektr jihozlardan to‘g‘ri foydalaning, ochiq olovdan foydalanishda e’tiborsiz va beparvo bo‘lmang!”, — deb ogohlantiradi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi.
Izoh (0)