O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi texnik mutaxassislarining ikkinchi guruhi Boeing-787 Dreamliner dasturi bo‘yicha qayta o‘qish uchun yil boshida AQShning Sietl shahriga yetib keldi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” “O‘zbekiston havo yo‘llari” bosh direktori o‘rinbosari Gennadiy Xarlapga tayanib.
Milliy aviakompaniya shu yil yangi avlod ikkita laynerini qabul qilib olishi kerak. Aviatashuvchi yangi samolyotlarni ishga tushirishga faol ravishda tayyorlanmoqda.
Qayta o‘qitish bo‘yicha mutaxassislar tanlov orqali saralab olindi. Bundan tashqari, kompaniyada uchuvchilar orasida ham saralash olib borilmoqda, mart oyida uchuvchilarni qayta tayyorlash boshlanadi.
“Toshkent” aeroportida “Orzu laynerlari” uchun uchta maxsus to‘xtash joylari ajratilib, jihozlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 11-iyuldagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi uchun ikkita Boeing-787-800 Dreamliner samolyotlari 2016-yil iyun va avgustida yetkazib beriladi.
Yangi samolyotlar “O‘zbekiston havo yo‘llari” samolyotlari parkini yangilash loyihasi doirasida sotib olinmoqda. 2012-yil yozida Dreamliner Dream Tour jahon taqdimot turi doirasida O‘zbekistonga ham tashrif buyurgan.
Izoh (0)