Rojdestvoda bolalarga sovg‘a ulashish uchun yo‘lga chiqqan Santa-Klaus o‘zining dunyo bo‘ylab sayohatini yakunladi va Shimoliy qutbga qaytib keldi. Bu haqda uning harakatlanishini kuzatib borgan Shimoliy Amerika kosmik-havo qo‘mondonligi (NORAD) ma’lumotiga tayanib, “Interfaks” xabar beradi.
O‘z sayohati davomida Santa-Klaus dunyoning ko‘plab mamlakatlari, jumladan, Rossiyaning bir qator shaharlariga tashrif buyurdi. U tashrif buyurgan oxirgi punktlardan biri Gavayidagi Gonolulu shahri bo‘ldi.
Sayohati davomida Santa-Klaus 7 281 439 471 ta sovg‘a tarqatdi.
Bu safar Santa urush o‘chog‘idagi Suriyani ham chetlab o‘tmadi. U Aleppo shahriga tashrif buyurdi. Somali va Bruney hukumati ushbu davlatlarda Rojdestvoni nishonlashni taqiqlaganligiga qaramasdan, Santa-Klaus Mogadisho va Bandar-Seri-Begavan shahri bolalariga ham sovg‘alar ulashdi.
Chanada sovg‘alar tashuvchi Santa-Klaus va bug‘u Rudolfning harakatlanishini kuzatish uchun har yili AQSh va Kaliforniyaning turli hududlarida joylashgan o‘nlab radiolokatsiya stansiyalaridan foydalaniladi.
Izoh (0)