Bugun, 22-dekabr kuni O‘FF anjumanlar zalida 2016-yilgi Oliy Liga mavsumiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda PFL matbuot xizmati xabar bermoqda.
Oliy liga klublari vakillari ishtirokidagi yig‘ilishda kelasi mavsum o‘yinlar taqvimi o‘tgan mavsumdagidek qolishi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, chempionatning dastlabki turida o‘zaro o‘ynaydigan jamoalar ikkinchi davra o‘yinlarini ham o‘zaro o‘yin bilan boshlaydi.
Shuningdek, bir mintaqa jamoalari o‘z uy o‘yinlarini bir turda o‘tkazmasligi uchun jamoalar juftliklarga ajratilib chiqildi. Unga ko‘ra, quyidagi juftliklar tashkil etildi: “Paxtakor”/“Lokomotiv”, “Bunyodkor”/“Obod”, “Nasaf”/“Mash’al”, “Olmaliq”/“Metallurg”, “Navbahor”/“Andijon”, “Neftchi”/“Qo‘qon-1912».
Oliy Liga — 2016 ning 1-turida “Paxtakor” “Andijon”ni qabul qiladi. Oliy liga debyutanti “Obod” chempionatni safarda “Qo‘qon”ga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Birinchi turdan, shuningdek, “Buxoro” – “Olmaliq”, “Nasaf” – “Sho‘rtan”, “Qizilqum” – “Mash’al”, “Metallurg” – “So‘g‘diyona”, “Bunyodkor” – “Neftchi”, “Navbahor” – “Lokomotiv” o‘yinlari joy olgan.
“Uff.uz” saytining xabar berishicha, yil yakunlariga bag‘ishlangan tadbirda PFL direktori Farhod Magometov futbolchilardan qarzi bor “Paxtakor”ga 29-dekabrgacha, hali litsenziya olishga ulgurmagan “Obod”ga esa 2016-yil 10-yanvarga qadar muhlat berilganini ma’lum qildi. Klublar berilgan muddatga qadar o‘z muammolarini hal eta olmasalar, musobaqalardan chetlashtiriladi.
Izoh (0)