3-dekabr oqshomida futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Borisov shahrida Belarus terma jamoasiga qarshi ikkinchi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi, deb xabar beradi “Olamsport”.
Bir kun oldin Minsk shahridagi “Mapid” sport majmuasida bo‘lib o‘tgan o‘yinda mezbonlar 4:2 hisobida g‘alaba qozongandi. Kecha, 3-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan o‘yinda esa Xose Mariya Mendez boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi 5:3 hisobida zafar quchdi.
Bu o‘rtoqlik uchrashuvlari har ikki terma jamoa uchun jahon chempionatiga yo‘llanma beruvchi qit’a chempionatlariga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi.
O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatining saralash guruh bosqichida Saudiya Arabistoni, Livan va Qirg‘izistonga qarshi maydonga tushadi. Belarus terma jamoasi esa Yevropa chempionatining saralash guruh bosqichida Xorvatiya (10-dekabr), Ozarbayjon (11-dekabr) va Shvetsiya (13-dekabr) bilan hisob-kitob qiladi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 4-dekabr kuni O‘zbekiston futzal terma jamoasi delegatsiyasi Minsk shahridan Moskvaga, u yerdan Dohaga yo‘l oladi. 5—10-dekabr kunlari Qatar poytaxtida yig‘in va ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish rejalashtirilgan.
Izoh (0)