Toshkent ko‘chalarida davlat raqam belgisi o‘rnida TAJRIBA degan yozuvi bor Chevrolet Lacetti (Gentra) avtomobili harakatlanayotgani qayd etildi. Avtomobil surati Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhida e’lon qilingan.
Foydalanuvchilar tomonidan qoldirilgan xabarga ko‘ra, GM Uzbekistan kompaniyasi Toshkent ko‘chalarida gaz ballon uskunasi o‘rnatilgan, gazda harakatlanuvchi Lacetti avtomobillarini sinovdan o‘tkazayotgan bo‘lishi mumkin.
Qayd etishlaricha, General Motors talablari bo‘yicha, ishlab chiqarilayotgan avtomobillarda muhandislik o‘zgarishlari yuz bersa, sinov-tajriba avtomobili turli sharoitdagi 20 ming kilometr yo‘lni TAJRIBA, TEST, TEST CAR kabi belgi bilan bosib o‘tadi.
Foydalanuvchilardan biri surat Andijon viloyatida olinganini ta’kidlab, “bu tajriba mashinalariga Andijondan tashqariga ruxsat yo‘q” ekanligini qayd etib o‘tgan. Biroq boshqa foydalanuvchilar surat Toshkentda olinganini, o‘rni kelganda, alohida suratlar bilan ham asoslashga harakat qilgan.
Avvalroq, GM Uzbekistan kompaniyasi 2015-yil oktabridan gaz ballon uskunalari bilan jihozlangan Lacetti rusumidagi avtomobillarni ishlab chiqarishi haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)