“Daryo”ning Telegram’dagi kanaliga obuna bo‘lishdan nima foyda? Foyda bor!
Nima bo‘ldi?
Munajjimlar bashoratiga ko‘ra, Telegram’ning o‘zbekistonlik foydalanuvchilari soni kamida 3 million. 3 MILLION, KARL! Munajjimlar bashoratiga ishonmasa-da, boshqa sog‘lom odamlar ham shunga o‘xshash raqamlarni aytayotgani sabab, “Daryo” eng muhim yangiliklarni eng qaynoq vaqtida Telegram’da ulashish uchun yangi kanal — “Toshqin ‘Daryo’”ni ishga tushirdi.
“Toshqin ‘Daryo’”?! Bundan ham battarroq boshqa nom yo‘qmidi?
Bor edi — “Tungi ‘Daryo’”. Biz taxminan bir hafta davomida kanalni shu nom ostida yuritib, har kuni soat 19:00—20:00 oralig‘ida eng asosiy yangiliklarni dayjest ko‘rinishida berib bordik. O‘xshamadi — eng muhim yangiliklarni tandirdan uzilgan vaqtida uzatgan ma’qul, deb hisobladik.
Sayt, mobil dastur, @DaryoBot bor edi. Yana alohida kanalning nima keragi bor?
Bizningcha, juda kerak. “Daryo” loyihasi atrofidagi yangiliklar — mobil dasturning ishga tushirilishi, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar, Telegram’dagi bot — barchasining asosida sayt turadi. “Daryo” xabarlarini rohatlanib o‘qish uchun Android va iOS qurilmalarga mo‘ljallangan mobil dasturlarimizdan zo‘ri yo‘q, haqiqatan ham. Telegram’dagi bot Pavel Durovning kayfiyatiga qarab ishlaydi, Telegram’dagi kanal esa beozor va imkoniyati ko‘p — biz unda saytda chiqqan yoki hatto chiqishga ulgurmagan yangiliklarni asabingizga tegmasdan tezda uzatishimiz, siz esa bu yangiliklarni do‘stlariningizga osonlik bilan ulashishingiz mumkin.
Xo‘sh, kanalni tomosha qilish uchun nima qilishim kerak?
Vo, topib aytdingiz! “Toshqin ‘Daryo’”ni nafaqat o‘qish, hatto tomosha qilish ham mumkin! Buning uchun Telegram messenjerining eng so‘nggi versiyasida @toshqindaryo’ni qidirasiz, so‘ng ‘Join’ni bosasiz. “Daryo”dan toshib chiqqan yoki endi toshmoqchi bo‘lgan eng qaynoq xabarlar eng birinchi bo‘lib sizga yetib boradi. Javob!
Izoh (0)