“Yulduz janglari” fazoviy sagasining yangi qismini premyeradan avval tomosha qilishga muvaffaq bo‘lgan texaslik 32 yoshli Deniel Flitvud 10-noyabrga o‘tar kechasi — filmni ko‘rib bo‘lganidan to‘rt kun o‘tib vafot etdi. Bu haqda Look At Me xabar bermoqda.
Avvalroq Disney kompaniyasi, rejissor Jey Jey Abrams va Bad Robot kompaniyasi “Yulduz janglari”ning saratonga chalingan ishqibozi uchun yangi “Yulduzlar jangi: kuchning uyg‘onishi” filmining xayriya namoyishini o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.
Shu yilning iyulida Deniel Flitvudga biriktiruvchi to‘qima saratonining og‘ir va kamyob shakli bo‘lgan “duksimon hujayralar sarkomasi” tashxisi qo‘yilgan. Shifokorlar Flitvudning ikki oycha umri qolganini ma’lum qilgandi.
Flitvudning qarindoshlari “Yulduz janglari: Kuchning uyg‘onishi” filmi ijodkorlarining e’tiborini jalb qilish uchun Twitter’da #ForceforDaniel kampaniyasini tashkil qildi. Biroz vaqt o‘tib, unga aktyor Mark Xemmil qo‘shildi (u filmda Lyuk Skayuoker rolini ijro etgan).
Shundan so‘ng Flitvudga Abrams qo‘ng‘iroq qilib, ertasi kuni uning uyida film qo‘yib berilishini aytdi. Keyinroq Flitvudning qarindoshlari namoyish muvaffaqiyatli kechganini ma’lum qildi.